Minskda qishloq xo'jaligi sohasida O'zbekiston-Belarus hamkorligini jadallashtirish istiqbollari muhokama qilindi

O'zbekiston elchisi Raxmatulla Nazarov Belarus qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat vaziri Yuriy Gorlov bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Suhbat davomida O'zbekiston-Belarus munosabatlari barcha yo'nalishlarda sezilarli ijobiy natijalar qayd etayotgani qayd etildi. Yuqori darajadagi tashriflar almashinuvi, ishbilarmonlar doiralarining turli ko'rgazmalarda faol ishtiroki, xalqaro va mintaqaviy iqtisodiy tashkilotlar doirasidagi o'zaro sheriklik ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilyapti.
Ikki va ko'p tomonlama hamkorlikni kengaytirishga yetarli salohiyat va imkoniyatlar mavjudligi ta'kidlandi. Qishloq xo'jaligi sohasida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni hayotga tadbiq etishga alohida e'tibor qaratildi.
Belarus tomoni o'zbekistonlik hamkorlar bilan birgalikda chorvachilik uchun yem ishlab chiqarish va ozuqabop boshoqli o'simliklarni yetishtirish bo'yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi.
Shuningdek, kartoshkani "in-vitro" uslubida yetishtirish ishlari davom etmoqda. 20 xil belorus kartoshkasidan 4 ta navi tanlanib, O'zbekiston hududlari sharoitida yetishtirish bo'yicha tadqiqot ishlari olib borilyapti.
Bundan tashqari, baliqchilik sohasida belorusning karp daryo balig'ini parvarishlash tajribasi tadbiq etilyapti. Soha uchun malakali kadrlarni tayyorlash bo'yicha ta'lim dasturlari amalga oshirilyapti.
Suhbat yakunida o'zaro hamkorlikni jadallashtirish maqsadida mavjud salohiyatdan keng foydalanish yuzasidan kelishib olindi.