Belarus oliy ta'lim muassasalarida ta'lim olayotgan vatandosh talabalar bilan uchrashuv o'tkazildi

O'zbekistonning Belarusdagi elchixonasi xodimlari Polosk davlat universiteti rahbariyati va vatandosh talabalar bilan uchrashuv o'tkazdilar, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Polosk davlat universiteti rektori Yuriy Romanovskiy bilan kechgan muloqot chog'ida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bilan qo'shma ta'lim dasturlarini amalga oshirishning joriy holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Universitet professor-o'qituvchilari va xodimlari ishtirokida o'tkazilgan davra suhbatida O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar to'g'risida so'zlab berildi. Shuningdek, O'zbekistonning asosiy turistik yo'nalishlari, madaniy diqqatga sazovor joylari va o'ziga xos an'analari to'g'risida ta'kidlandi. Samarqand, Xiva, Buxoro kabi tarixiy shaharlar, mamlakatimizning go'zal tabiatiga alohida e'tibor qaratildi.
Vatandoshlar manfaatlarini himoya qilish, favqulodda vaziyatlarda konsullik xizmatlari ko'rsatish, xorijda bo'lish bilan bog'liq huquqiy masalalarni hal etishda elchixona vakolatlari va imkoniyatlari to'g'risida ham to'xtalib o'tildi.
Turli diniy-ekstremistik guruhlar va oqimlar domiga tushib qolmaslik bo'yicha zarur tavsiyalar bildirildi.