O'zbekiston chavandozlari "Hamdo'stlik kubogi" turnirida 2 ta oltin va 1 bronza medalini qo'lga kiritishdi

Shu yilning 3-6-iyul kunlari Belarusda ot sporti bo'yicha "Hamdo'stlik kubogi" xalqaro turniri bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Mazkur musobaqada yurtimiz sharafini ot sporti bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasi vakillari munosib himoya qildi. Shuningdek, turnirda Belarus, Rossiya va Qozog'iston jamoalari qatnashdi.
O'zbekiston milliy terma jamoasi tarkibida tajribali chavandozlar Bekzod Qurbonov va Dilshod Shokirov 130 sm balandlikdagi to'siqlardan sakrash bo'yicha jamoaviy bahslarda bronza medaliga sazovor bo'lishdi.
Yakkalik musobaqalarida balandligi 150 sm bo'lgan to'siqlardan sakrash bo'yicha "Grand Prix" bahslarida qatnashgan Bekzod Qurbonov 1-o'rinni qo'lga kiritdi. Musobaqaning so'nggi kunida 150 sm balandlikdagi to'siqlardan o'tish bo'yicha jamoaviy bahslar o'tkazildi. Quvonarlisi, mazkur bosqichda O'zbekiston chavandozlari oltin medalni qo'lga kiritdi.
O'zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziyevning aytishicha, O'zbekiston milliy terma jamoasining ishtirok etadigan xalqaro musobaqalar geografiyasi kengayishda davom etmoqda va joriy yil kalendar rejasi bo'yicha Yevropaning bir qator davlatlarida o'tadigan nufuzli musobaqalarda ishtirok etish kutilmoqda.