Mashhur shoir va jamoat arbobi Yakub Kolasning evarasi O'zbekistonning Belarusdagi turizm elchisi etib tayinlandi

O'zbekiston elchixonasi tomonidan Yakub Kolas nomidagi Davlat adabiy-memorial muzeyi bilan hamkorlikda "O'lka – O'zbekistonning do'sti" mavzusida madaniy tadbir tashkil etildi
Unda xorijiy diplomatik korpusi, "Belarus–O'zbekiston" do'stlik jamiyati, ommaviy axborot vositalari va madaniyat soha vakillari, taniqli yozuvchi va jurnalistlar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Vasilina Miskevichga O'zbekistonning turizm elchisi etib tayinlangani to'g'risidagi sertifikatni tantanali topshirish marosimi bo'lib o'tdi.
– O'zbekistonning turizm elchisi lavozimiga munosib ko'rilganimdan juda xursandman, – dedi Yakub Kolasning evarasi, muzey fondlarining bosh saqlovchisi Vasilina Miskevich. – Faoliyatimda mamlakatlarimiz o'rtasidagi do'stlik aloqalarini mustahkamlashni maqsad qilganman. O'z ko'zlarim bilan ko'rgan va bilgan ko'p asrlik tarixga ega O'zbekistonning go'zalligi va betakrorligini hamyurtlarimga yetkazishda davom etib, sayyohlar oqimini ko'paytirishga hissa qo'sha olaman deb umid qilaman. O'zbekiston elchixonasi bilan birgalikda amalga oshiradigan aniq rejalarni belgilab olganmiz. Ularni birgalikda, albatta amalga oshiramiz.
Tadbir davomida "Belarusfilm" kinostudiyasi tomonidan suratga olingan atoqli shoir Yakub Kolasning Ikkinchi jahon urushi yillarida O'zbekistonda o'tkazgan yillariga bag'ishlangan "Tashkentskaya torba" nomli hujjatli filmning premyerasi bo'lib o'tdi. "Tashkentskaya torba" noyob hujjatli film bo'lib, ushbu kartina ikki mamlakat ijodkorlari hamkorligida suratga olingan.
O'zbekiston elchisi Rahmatulla Nazarov o'z chiqishida, Yakub Kolas o'zbek xalqining ham sevimli shoiri ekanligini ta'kidladi. "Chunki O'zbekiston Ikkinchi jahon urushi davrida Yakub Kolas O'zbekistonga yashadi va yurtimizni o'z vatanidek ko'rdi, – dedi O'zbekiston rasmiy vakili. – U butun umri davomida o'zbek xalqi ko'rsatgan bag'rikenglikni, chin insoniy munosabatlarni tarannum etdi. Adib ikki yarim yil Toshkentda yashadi va ko'plab o'zbek yozuvchilari bilan do'stona munosabatlarni o'rnatdi. Taniqli belarus shoiri mamlakatlarimiz o'rtasidagi adabiyot va madaniyat sohalaridagi munosabatlarni mustahkamlashda ham ulkan hissa qo'shdi".
Anjuman davomida muzey mehmonlari ko'plab qiziqarli eksponatlarni ko'rishga muvaffaq bo'lishdi. Jumladan, Yakub Kolas O'zbekistondan o'zi bilan olib kelgan anjomlar, Ikkinchi jahon urushi yillarida Toshkentda nashr etilgan kitoblar namoyish etildi.
Yig'ilganlar Yakub Kolasning O'zbekiston, Toshkent va yurtimizning diqqatga sazovor joylariga bag'ishlagan she'rlaridan namunalar o'qib berishdi.