O‘zbekiston va Qozog‘iston agrar sohada hamkorlik aloqalarini kengaytirmoqda

Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning Qozog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi prezidenti Tlektes Yespolov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi ikki xalqning agrar taraqqiyoti yo‘lida muhim voqea bo‘ldi.
Uchrashuv samimiy va ishchan ruhda o‘tdi. Unda tomonlar mavjud hamkorlik aloqalari tobora kengayib borayotgani, xususan, agrar ta’lim, ilm-fan va tajriba almashish borasidagi hamkorlikning mustahkamlanayotganini ta’kidlashdi.
Suhbat davomida intensiv baliqchilik bo‘yicha olib borilayotgan qo‘shma loyihalar, ipakchilikdagi tajriba almashinuvi, paxtachilikda O‘zbekiston tajribasini Qozog‘istonda joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, har ikki mamlakatda “Dala kunlari”ni tashkil etish, soha mutaxassislarini amaliy seminar va maydon mashg‘ulotlariga keng jalb etish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Uchrashuv davomida genetika, texnologiyalar transferi, ilmiy kadrlar tayyorlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan bir qator muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi hamda Qozog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi milliy ilmiy akademiyasi o‘rtasida ilmiy va innovatsion hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi. Mazkur hujjat ikki davlat agrar tizimi barqaror rivojining mustahkam poydevoriga aylanishi shubhasiz.