Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Vatan tuprog‘iga dafn etildi

Ikkinchi jahon urushi frontlaridan biri — Belarus Respublikasida halok bo‘lgan Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida tug‘ilib o‘sgan Abdullajon Dadaboyevning hoki Davlatbotir qishlog‘iga olib kelinib, yuksak ehtirom bilan dafn etildi. Marosimda Mudofaa vazirligi, Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi, tuman mudofaa ishlari bo‘limi mas’ul ofitserlari, tuman hokimligi hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Abdullajon Dadaboyev 1918-yilda Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanining Davlatbotir qishlog‘ida tug‘ilgan. 1941-yilda u ham minglab o‘zbek o‘g‘lonlari qatori Ikkinchi jahon urushiga safarbar etilgan. Frontda o‘qchi diviziyasi tarkibida mardona jang qilgan yurtdoshimiz uzoq yillar davomida bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida bo‘lib kelgan.
Joriy yilning iyun oyida Belarus Respublikasida faoliyat yuritayotgan qidiruv otryadlari tomonidan olib borilgan maxsus izlanishlar chog‘ida Abdullajon Dadaboyevning hoki va shaxsiy buyumlari topildi. Aniqlanishicha, u 1941-yilda Belarus Respublikasi Gomel viloyati Buda-Koshelyovo tumanidagi Negovka qishlog‘i uchun kechgan janglarda halok bo‘lgan. Ikki mamlakat vakillari hamkorligida marhumning yaqin qarindoshlari topildi va askarning hoki ona zaminimizga qaytarildi.
Dafn marosimida so‘zga chiqqanlar Ikkinchi jahon urushi frontlarida mardlik va jasorat ko‘rsatgan vatandoshlarimiz xotirasini yod etish, ularning nomini abadiylashtirish o‘zbek xalqiga xos ezgu qadriyat ekanini alohida ta’kidladilar.
Ona Vataniga qaytarilgan jasur askar Davlatbotir qishlog‘idagi xalq qabristoniga musulmonlar udumiga muvofiq dafn etildi. Marosim davomida tilovat qilinib, marhumning yaqinlariga, jumladan, uning 72 yoshli jiyani Rustamjon Meliboyevga hamdardlik bildirildi.