O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi delegatsiya Lyuksemburg shahriga tashrif buyurdi

2025-yil 20-21-oktabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Lyuksemburg shahriga tashrif buyurdi.
Delegatsiya Mintaqalararo xavfsizlik va o‘zaro bog‘liqlik masalalari bo‘yicha vazirlar uchrashuvida ishtirok etdi. Tadbirda global va mintaqaviy xavfsizlik, barqaror transport-logistika yo‘laklarini rivojlantirish, innovatsion yechimlar va ilg‘or texnologiyalar sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston ushbu yo‘nalishlarda amaliy sheriklikni chuqurlashtirish hamda mintaqalararo bog‘liqlikni mustahkamlashga doimiy e’tibor qaratishini bildirdi. Muloqot davomida hamkorlik nafaqat infratuzilmani rivojlantirishni, balki o‘zaro ishonchni mustahkamlash, innovatsion tashabbuslarni rag‘batlantirish va xalqlar farovonligini oshirishni ham o‘z ichiga olishi lozimligi ta’kidlandi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston–Yevropa Ittifoqi hamkorlik kengashining 18-yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Mazkur tadbir davomida tomonlar siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo va investitsiya aloqalarini kengaytirish, barqaror rivojlanishni ta’minlash hamda mintaqaviy bog‘liqlikni kuchaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Bundan tashqari, bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazildi.
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Kaya Kallas bilan uchrashuvda barqaror taraqqiyot, Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasida yangi ko‘priklar barpo etish hamda hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Yevropa komissiyasining xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yozef Sikela bilan uchrashuvda Samarqandda o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti natijalari “O‘zbekiston–Yevropa Ittifoqi” hamkorligini yangi bosqichga olib chiqqani qayd etildi. Tomonlar savdo, investitsiya va innovatsion yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro muloqotni davom ettirish hamda strategik sheriklikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.
Latviya tashqi ishlar vaziri Bayba Braje bilan uchrashuvda siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy, transport, ta’lim va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Kipr tashqi ishlar vaziri Konstantinos Kombos bilan muloqotda ikki davlat hamkorligini kengaytirish va xalqaro maydondagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar mintaqaviy barqarorlik va tinchlikni mustahkamlash yo‘lida konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga sodiqliklarini tasdiqladilar.
Yevropa komissiyasining kengayish masalalari bo‘yicha komissari Marta Kos bilan suhbatda mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, yangi qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish va barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Yevropa ittifoqi va uning a’zo davlatlari bilan siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish, mintaqaviy xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash yo‘lida samarali hamkorlikni davom ettiradi.
Yevropa investitsiya banki prezidenti Nadiya Kalvino bilan uchrashuvda O‘zbekistonning barqaror iqtisodiy o‘sishini qo‘llab-quvvatlash, “yashil” o‘tish jarayonini jadallashtirish va infratuzilmani modernizatsiya qilishga qaratilgan loyihalar ko‘rib chiqildi. Bank O‘zbekiston uchun barqaror va innovatsion mintaqani shakllantirishda muhim hamkor sifatida qayd etildi.
Lyuksemburg Bosh vazir o‘rinbosari, tashqi ishlar, savdo va hamkorlik vaziri Ksavye Bettel bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Suhbatda ikki mamlakat o‘rtasidagi sheriklikni chuqurlashtirish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Muzokaralar yakunida Lyuksemburg tomoniga samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirildi.