Samarqandda bo‘lib o‘tadigan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi: raqamlar va voqealar

Bugun madaniyatlar va sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgan qadimiy Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi boshlanadi.
Ushbu tarixiy tadbir qirq yil ichida birinchi marta tashkilotning Parijdagi bosh qarorgohi tashqarisida va birinchi marta Markaziy Osiyoda o‘tkazilmoqda. Bunday keng ko‘lamli forumning O‘zbekistonda o‘tkazilishi mamlakatning xalqaro madaniy va gumanitar hamkorlikdagi ortib borayotgan rolini eʼtirof etish va uning jahon merosini saqlash va targ‘ib qilishga qo‘shgan hissasining ramzi hisoblanadi.
YUNESKO tashkil etilganining 80-yilligi bilan bir vaqtda o‘tayotgan sessiya mintaqa tarixidagi eng yirik xalqaro forumlardan biri bo‘ladi. Unda 190 ta aʼzo davlat va xalqaro tashkilotlardan 2 ming 800 dan ortiq vakil, shu jumladan 70 ga yaqin yuqori darajali shaxslar ishtirok etadi.
Tantanali ochilish marosimida faxriy mehmonlar sifatida tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich va Slovakiya Respublikasi Prezidenti Peter Pellegrini ham qatnashadi.
Samarqand sessiyasi doirasida 150 dan ortiq turli tadbirlar, shu jumladan O‘zbekiston tashabbusi bilan 20 dan ziyod qo‘shimcha tadbirlar tashkil etiladi.
Shuningdek, tantanali ochilish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq so‘zlaydi. O‘zbekiston rahbarining nutqida bir qator muhim tashabbuslar ilgari surilishi kutilmoqda.
Tadbir doirasida O‘zbekistn Prezidenti Slovakiya Prezidenti Peter Pellegrini va YUNESKO Bosh direktori Odri Azule bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi
YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi dunyo va mamlakatimizning yetakchi ommaviy axborot vositalari, jami 500 dan ziyod jurnalist tomonidan yoritiladi. Samarqandda ularning samarali faoliyati uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasiga mezbonlik qilish nafaqat diplomatik muvaffaqiyat, balki O‘zbekistonning xalqaro miqyosda tan olinishida yangi bosqichning ramzi hamdir. Bir vaqtlar Sharq ilmi, sanʼati va taʼlimi markazi bo‘lgan bu shahar yana bir bor madaniyatlar va g‘oyalar o‘rtasidagi muloqot uchun global platformaga aylanib bormoqda. Bu Uchinchi uyg‘onish davri ruhini va mamlakatning insoniyat uchun barqaror kelajak yo‘lida o‘zaro tushunish va hamkorlikni mustahkamlashga sodiqligini aks ettiradi.
“Dunyo” AA