O‘zbekiston–Qatar: kelajakka qaratilgan strategik hamkorlik

Davlatimiz rahbari tashrif davomida Dohada bo‘lib o‘tadigan Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammitida ishtirok etadi.
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston va Qatar diplomatik munosabatlar o‘rnatishdan tortib, siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalarda ishonch, o‘zaro hurmat hamda umumiy manfaatlarga asoslangan har tomonlama strategik hamkorlikni shakllantirishgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi.
Qatar 1991-yil 30-dekabrda O‘zbekiston mustaqilligini tan olgan, ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar esa 1997-yil 27-noyabrda o‘rnatilgan.
So‘nggi yillarda yuqori va oliy darajadagi muloqotlar faolligi sezilarli darajada oshdi. 2024-yil aprel oyida Toshkentda imzolangan Strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitim ikki davlat hamkorligi solnomasida muhim voqea bo‘ldi va mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning yangi bosqichini belgilab berdi. Hujjatda investitsiyalar, energetika, transport, ta’lim va madaniyat sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab qo‘yilgan.
2023-yil iyun va dekabr oylarida Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashriflari hamda shu yil oktyabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Dohaga qilgan davlat tashrifi ikki mamlakat munosabatlarida yangi bosqichni boshlab berdi hamda Toshkent va Doha sherikligiga strategik yo‘nalish baxsh etdi.
Oliy darajadagi muloqot xalqaro forumlar doirasida ham izchil davom etmoqda. Jumladan, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash sammiti, “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” sammiti hamda boshqa yirik global tadbirlarda tomonlar faol ishtirok etdi.
Hamkorlik faollashganining yorqin namunasi sifatida 2023-yil may oyida Toshkentda Qatar elchixonasining, shu yil dekabr oyda esa Dohada O‘zbekiston elchixonasining ochilishi bo‘ldi. Bu qadamlar siyosiy va diplomatik munosabatlarning yangi, sifat jihatidan yuqori bosqichga ko‘tarilganini anglatadi. Siyosiy muloqotda muhim ahamiyatga ega voqea sifatida, shuningdek, 2024-yil aprel oyida Qatar Bosh vaziri, tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdurrahmon Ol Soniyning O‘zbekistonga buyurgan tashrifini qayd etish mumkin. Tashrif doirasida Qatar hukumati rahbari Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilindi. Suhbat chog‘ida siyosiy muloqotni mustahkamlash, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, energetika, transport, ta’lim va madaniyat sohalaridagi sheriklik masalalari muhokama qilindi.
Tashrif davomida Shayx Muhammad bin Abdurrahmon Ol Soniy Toshkentda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan ham muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, shu jumladan, doimiy siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazish masalalarida o‘zaro qiziqishni tasdiqladilar.
O‘z navbatida, 2024-yil mart va oktyabr oylarida tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov rasmiy tashrif bilan Qatarga bordi. Safar doirasida O‘zbekiston TIV rahbari Qatar Bosh vaziri va tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdurrahmon Ol Soniy, Qatar Investitsiya agentligi hamda yirik kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralar chog‘ida iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, qator qo‘shma loyihalarga Qatar sarmoyasini jalb etish va transport-logistika sohasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2024-yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar aylanmasi 7,7 million AQSH dollarini tashkil etdi, shundan eksport 2,2 million, import esa 5,5 million dollarga yetdi. 2025-yil yanvar–avgust oylarida o‘zaro savdo hajmi 28 foizga o‘sib, 7 million dollardan oshdi. Eksport tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari, mis quvurlari va xizmatlar yetakchilik qilsa, importda kimyoviy mahsulotlar va moylash materiallari asosiy o‘rinni egallamoqda.
2024-yil 11–12-noyabr kunlari Dohada Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning ilk yig‘ilishi o‘tkazilishi muhim qadam bo‘ldi. Shuningdek, 2024-yil iyun oyida “Qatar Airways” aviakompaniyasining Doha-Toshkent-Doha yo‘nalishi bo‘yicha birinchi aviareysi amalga oshirilib, ishbilarmon va sayyohlik aloqalari uchun yangi imkoniyatlar ochildi.
Gumanitar va madaniy hamkorlik ham tomonlar o‘rtasidagi sheriklikning asosiy yo‘nalishi hisoblanadi va ushbu jabhadagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Pandemiya davrida Qatar xayriya jamg‘armalari O‘zbekistonga qariyb 400 ming AQSH dollari miqdorida beg‘araz yordam ko‘rsatdi.
So‘nggi yillarda madaniyat va hunarmandchilik haftaliklari, ko‘rgazmalar va konsertlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. 2024-yilda Dohada O‘zbekistonning madaniyat, hunarmandchilik va turizm haftaligi, Toshkentda esa Qatar madaniyat haftaligi bo‘lib o‘tdi. Toshkentdagi tadbir ochilishida Qatar madaniyat vaziri Shayx Abdurrahmon Ol Soniy ishtirok etdi.
Ta’lim sohasidagi hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi. 2024-yil sentyabr oyida Qatar moliyaviy ko‘magida Termiz ta’lim markazi bazasida afg‘on ayollarini o‘qitish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Shu tariqa, Toshkent va Doha o‘rtasidagi siyosiy muloqot, iqtisodiy sheriklik va gumanitar aloqalar izchil rivojlanish dinamikasiga ega. Erishilgan kelishuvlarning samarali amalga oshirilishi ikki davlat munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga – uzoq muddatli istiqbol va mintaqaviy barqarorlikka qaratilgan strategik hamkorlik darajasiga ko‘tardi.
Muxtasar aytganda, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qatarga davom etayotgan rasmiy tashrifi va uning Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammitidagi ishtiroki mamlakatimiz tashqi siyosatining izchil davomi sifatida namoyon bo‘ladi. Shuningdek, mazkur tashrif Yaqin Sharq mamlakatlari bilan o‘zaro tushunish va ishonchni mustahkamlashga, hamda Toshkent va Doha o‘rtasida har tomonlama, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
“Dunyo” AA