Minskda "O'zbek kinosi kuni" tashkil etildi

MINSK, 7-noyabr. /"Dunyo" AA/. 31-Minsk xalqaro kinofestivali – "Listapad-2025" doirasida "O'zbek kinosi kuni" tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tadbirda Belarus Madaniyat vazirligi mutasaddilari, davlat va jamoat tashkiloti xodimlari, kinematografiya muassasalari rahbariyati, O'zbekistonning Belarusdagi turizm brendi elchisi Vasilina Miskevich, diplomatik korpus vakillari, mahalliy jurnalistlar hamda ushbu mamlakatda bo'lib turgan va tahsil olayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.
Mazkur kinofestivalda 120 mamlakatdan 3,6 mingdan ortiq arizalar qabul qilindi. 101 ta davlatdan 160 ta film tanlab olindi.
E'tiborlisi, bu yilgi kinoanjumanning hakamlar hay'ati tarkibiga O'zbekistondan taniqli aktyor va rejissyor Rustam Sagdullayev va kinorejissyor Yusup Razikov ham kiritildi.
Minsk shahridagi nufuzli "Pobeda" kinoteatrida o'zbek kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan "Bahorni quvib" filmi taqdimoti bo'lib o'tdi. Taqdimotda so'zga chiqqanlar so'nggi yillarda O'zbekiston milliy kinematografiyasida sifatli filmlarning yaratilayotgani va ushbu ijod namunalari yetakchi xalqaro kinoanjumanlarida yuqori sovrinlarga sazovor bo'layotganini alohida ta'kidladi.
Shuningdek, O'zbekiston va Belarus o'rtasida ikki tomonlama munosabatlar jadal rivojlanayotgani, hamkorlik barcha sohalarni qamrab olayotgani qayd etildi. 2018 yildan buyon ikki davlat kinoijodkorlari tomonidan ko'plab qo'shma loyihalar amalga oshirilib, bir qator badiiy va hujjatli filmlar suratga olingani ma'lum qilindi.
Tadbir davomida O'zbekiston haqida ma'lumot beruvchi bukletlar va videoroliklar namoyish etildi. O'zbek milliy taomlari taqdim qilinib, vatandoshlarimiz ishtirokida konsert dasturi uyushtirildi.