O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi transport-logistika sohasidagi hamkorlik kengaymoqda

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Chexiya Respublikasi bilan hamkorlikni rivojlantirishni mamlakatning xalqaro transport-logistika integratsiyasini mustahkamlashning strategik yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rib chiqmoqda.
Global logistika zanjirlarining o‘zgarishi va Yevroosiyo transport yo‘laklarining ahamiyati ortib borayotgan bir sharoitda Chexiya bilan o‘zaro hamkorlik Markaziy Yevropa bozorlariga chiqish, ilg‘or texnologiyalarni jalb etish hamda barqaror transport yechimlarini rivojlantirish kanali sifatida amaliy qiymat kasb etmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasida hamkorlikning mustahkam institutsional va shartnomaviy-huquqiy asosi shakllantirilgan. Hukumatlararo muloqotning faollashuvi, jumladan, 2025-yilda Pragada Hukumatlararo komissiyaning 10-yig‘ilishi o‘tkazilishi hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishlab, qo‘shma loyihalarni muhokama qilishdan ularni amaliyotga tatbiq etish bosqichiga o‘tish imkonini berdi.
Transport sohasidagi masalalar ikki tomonlama munosabatlarda markaziy o‘rinni egallaydi. Hamkorlik avtomobil transporti, temiryo‘l sohasi, fuqaro aviatsiyasi, shuningdek, logistika jarayonlarini raqamlashtirishni o‘z ichiga oladi.
Shu bilan birga, tashuvlarda barqaror ijobiy dinamika kuzatilmoqda: 2026-yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, mamlakatlar o‘rtasidagi yuk tashish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 76,6 foizga o‘sgan.
Ikki tomonlama hamkorlikda temiryo‘l sektori asosiy o‘rinni egallaydi. Chexiya Bosh vaziri Andrey Babishning biznes delegatsiya hamrohligida O‘zbekistonga kutilayotgan tashrifi arafasida Chexiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Lyubomir Frebort “Škoda Group” kompaniyasi bilan elektropoyezdlar yetkazib berish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish taklifini ilgari surdi. Shuningdek, O‘zbekistonda harakatdagi tarkibni ishlab chiqarish va unga servis xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish masalasi ham muhokama qilinmoqda.
Hozirgi vaqtda butlovchi qismlarning bir qismini mahalliylashtirish, uzoq muddatli servis siklini tashkil etish, investitsiyalarni jalb qilish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va mahalliy mutaxassislarni tayyorlash, jumladan, “Škoda Academy” loyihasini yo‘lga qo‘yish hamda Toshkent davlat transport universiteti bilan hamkorlik qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
2023-yil 10-may kuni Pragada O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Chexiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida Kengaytirilgan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi Qo‘shma deklaratsiyaning imzolanishi ikki tomonlama munosabatlar rivojida muhim bosqich bo‘lib, o‘zaro hamkorlikning yanada tizimli va uzoq muddatli shakliga o‘tishni belgilab berdi.
Mazkur hujjat yuqori darajadagi siyosiy muloqotni mustahkamlab, mamlakatlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikka qo‘shimcha turtki berdi. Deklaratsiyada sheriklikni kengaytirishning asosiy yo‘nalishlari, jumladan, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va sanoat kooperatsiyasi, shuningdek, transport-logistika, energetika, innovatsiyalar, ta’lim va boshqa sohalardagi hamkorlik belgilangan.
Transport aloqadorligini rivojlantirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda O‘zbekistonning Yevropa va Yevroosiyo transport yo‘laklariga integratsiyalashuvini chuqurlashtirish uchun asos yaratadi.
O‘zbekiston va Chexiya Respublikasi o‘rtasida transport-logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish mamlakat transport tizimini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishning muhim yo‘nalishidir. Shakllangan sheriklik poydevori, aniq loyihalarning mavjudligi va tomonlarning o‘zaro manfaatdorligi texnologiyalar, infratuzilma va inson kapitalining kompleks integratsiyasidan iborat yangi bosqichga o‘tish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Kelgusida O‘zbekiston va Chexiya Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlik qo‘shma tashabbuslarni amalda ro‘yobga chiqarish va erishilgan kelishuvlar ko‘lamini kengaytirishga urg‘u bergan holda rivojlanib boradi. Transport yo‘laklari samaradorligini oshirish, tashish tartib-taomillarini soddalashtirish va ikki tomonlama loyihalarda biznes ishtirokini kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Shunday qilib, infratuzilmaviy rivojlanish, texnologik modernizatsiya va kadrlar tayyorlashni o‘zida mujassam etgan kompleks o‘zaro hamkorlik modeli shakllanmoqda. Bu nafaqat ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, balki O‘zbekistonning xalqaro transport-logistika tizimidagi ishonchli va raqobatbardosh ishtirokchi sifatidagi o‘rnini oshirishga ham imkon beradi.