
Belarus Respublikasi sutni qayta ishlash va yuqori sifatli sut mahsulotlari ishlab chiqarish borasida katta tajribaga ega.
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi delegatsiya Minsk viloyatining Vileyka shahrida joylashgan «Minsk 1-sonli sut zavodi» OAJ filiali faoliyati bilan tanishdi.
Mazkur korxona Belarusning sutni qayta ishlash sanoatidagi muhim va innovatsion ishlab chiqarish majmualaridan biri hisoblanadi. Zavod nafaqat mamlakatda, balki Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) hududida ham o‘ziga xos sut mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.