Vitebskda Namangan viloyati tadbirkorlarining savdo uyini tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi

O‘zbekistonning Belarusdagi elchixonasi ko‘magida Namangan va Vitebsk viloyatlari hokimliklarining mutasaddi vakillari ishtirokida videokonferensaloqa shaklida muloqot tashkil etildi. Unda hududlararo hamkorlikni jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.
Ishtirokchilar O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi tarixan shakllanib kelgan birodarlik va o‘zaro do‘stona munosabatlarni yuqori baholab, keng qamrovli iqtisodiy hamkorlikka barcha sharoitlar mavjudligini taʼkidladi.
Namangan viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari N.Abdullayev Belarus mintaqalari bilan hamkorlik munosabatlari, xususan, amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar haqida to‘xtalib o‘tdi. U O‘zbekistonda xorijiy investorlarga yaratilgan qulayliklar va tashkil etilgan sanoat zonalarining imkoniyatlariga alohida urg‘u berdi. Namangan viloyatining eksport salohiyatidan kelib chiqqan holda viloyatda qishloq xo‘jaligi maxsulotlarini qayta ishlash va oziq-ovqat sanoati maxsulotlarini ishlab chiqarish, Vitebskda viloyat ishlab chiqaruvchilarining savdo uyini tashkil etish takliflarini bildirdi.
Vitebsk viloyat hokimligi vakili, iqtisodiyot qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari K.Cherniy Namangan va Vitebsk viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yana-da rivojlantirish masalalariga eʼtibor qaratdi. U Vitebsk viloyatida go‘sht-sut va farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish rivojlangani, belaruslik tadbirkorlarning Namangan viloyatida ishlab chiqarilayotgan to‘qimachilik mahsulotlarga qziqishi ortib borayotganini taʼkidlab, ushbu sohalarda hamkorlik aloqalarini rivojlantirish yuzasidan takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor ekanini bildirdi.
Tomonlar "Kosonsoy farm" erkin iqtisodiy zonasi hududida Belarusning “NatiVita” va mahalliy “FirdavsFarm” MCHJ ishtirokida rejalashtirilgan «Onkologik dori vositalarini ishlab chiqarish» loyihasi amalga oshirishni jadallashtirish masalalari xususida ham fikr almashdi.