Markaziy Osiyo: MOXI eksperti: Oʻzbekiston — Qirgʻiziston munosabatlari: strategik hamkorlikning yangi bosqichi

Qirg'iziston bilan oʻzaro hamkorlik aloqalarini yana-da rivojlantirish O'zbekistaon tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sanaladi, dedi Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) yetakchi ilmiy xodimi Ramziddin Gʻulomov.
Barchamizga maʼlumki, azal-azaldan mamlakatimiz xalqlari oʻrtasida yaqin birodarlik aloqalarini rivojlantirishda oʻzaro hamohanglik kasb etuvchi madaniy-maʼnaviy qadriyatlar va anʼanalar mavjud.
— Ramziddin Najmiddinovich, oʻzbek-qirgʻiz munosabatlarining hozirgi holatini qanday tavsiflaysiz?
— Avvalo shuni taʼkidlashni istardimki, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston yaqin qoʻshni mamlakatlar sifatida, koʻp yillik yagona tarix, oʻxshash madaniyat, mushtarak til va maʼnaviy qadriyatlar uygʻunligi kabi aloqador jihatlari bilan bir-biriga chambarchas bogʻlangan.
Barchamizga maʼlumki, azal-azaldan mamlakatimiz xalqlari oʻrtasida yaqin birodarlik aloqalarini rivojlantirishda oʻzaro hamohanglik kasb etuvchi madaniy-maʼnaviy qadriyatlar va anʼanalar mavjud.
Shu munosabatda, 1993-yil fevralda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatildi. Hozirgi kunda, ikki davlat qonunchilik bazasi tarkibida 200 dan ortiq hujjatlar mavjud boʻlsa, ulardan “Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiziston Respublikasi oʻrtasidagi abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi shartnoma” va Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasida strategik sheriklik, doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va ishonchni mustahkamlash toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning imzolangani muhim ahamiyat kasb etadi.
Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi ikki tomonlama aloqalarning turli davrlariga qaramay, mamlakatlarimiz rahbarlari tomonidan mustahkam aloqalar va koʻp asrlik birodarlik rishtalariga tayangan holda, nafaqat oʻzaro hurmat muhiti saqlanib qolindi, balki yaqinda oʻzaro aloqa munosabatlari yangi sifat bosqichiga koʻtarildi.
Ayni paytda, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston Prezidentlarining siyosiy irodasi tufayli, tomonlar koʻplab dolzarb masalalarni bartaraf etish va oʻzaro hamkorlik aloqalarining ijobiy oʻsish surʼatiga erishdi.
Shu qatorda, ikki davlat oʻrtasidagi muntazam uchrashuvlar, jumladan BMT,MDH, SHHT,IHT, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi va qator xalqaro tuzilmalardagi ishtiroki oʻzaro munosabatlarning yuqori darajasini namoyon etadi.
— Yaqinda, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning Oʻzbekistonga tashrifi natijalarini qanday baholaysiz?
— Oʻzbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev va Qirgʻiziston Prezidenti S.N.Japarovning uchrashuvi ikki davlatlararo munosabatlarning yana-da mustahkamlanishida muhim siyosiy hodisa boʻldi desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Shuni taʼkidlash joizki, ikki davlat rahbarlari oʻrtasida oʻtgan ochiq, konstruktiv va doʻstona muzokaralar chogʻida, tomonlar ikki yoqlama hamkorlikning barcha jabhalarini, jumladan suv resurslari va energetikadan foydalanish, chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish, iqtisodiy hamkorlik va transport-logistika masalalari boʻyicha muhokama oʻtkazdilar.
Bundan tashqari, Davlatlar rahbarlari mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Prezidentlar oʻzbek-qirgʻiz munosabatlarini doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro ishonch va strategik sheriklik ruhida mustahkamlashga kelishib oldilar. Shuningdek, ikki mamlakatning oʻzaro manfaatlarini inobatga olgan holda, tomonlar savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlik aloqalarini yana-da rivojlantirishni taʼkidladilar. Ushbu hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston va Qirgʻiziston hukumatlararo komissiyaning oʻrni va ahamiyati qayd etildi.
Ikki davlat oʻrtasidagi sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va chuqurlashtirish maqsadida, amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan boʻlib, buning uchun umumiy qiymati 550 million dollarlik 60 ta loyihani amalga oshirish koʻzda tutilgan.
Xususan, Birinchi bosqichda Qirgʻiziston taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻi 50 million dollar ekani maʼlum qilingan boʻlsa, keyinchalik ushbu koʻrsatkich 200 million dollarga yetdi. Shuni taʼkidlashni istardimki, Davlatlar rahbarlari tomonidan Oʻzbekiston va Qirgʻiziston davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish ustuvor masala sifatida, yaqin oylar ichida yakunlanishi yuzasidan kelishib olindi. Yaqin kunlar ichida tegishli tashkilotlar saʼy-harakatlari bilan ushbu kelishuvlar ijrosi taʼminlanishiga umid bildiramiz.
Umumiy hisobda, muzokaralar yakunlari boʻyicha jami 22 ta hujjat imzolangan boʻlsa, undan ikki tomonlama hamkorlikning barcha yoʻnalishlarini oʻz ichiga olgan Prezidentlarning Qoʻshma bayonoti muhim oʻrin egallaydi.
Komil ishonch bilan ayta olamanki, ushbu erishilgan kelishuvlar natijadorligi oʻzbek-qirgʻiz oʻzaro hamkorlik aloqalarini yuqori pogʻonaga koʻtarilishida turtki beradi.
— Savdo-iqtisodiy aloqalar, ikki mamlakat savdo aylanmasi hajmini oshirishga doir imkoniyatlar va rejalar toʻgʻrisida fikr bildirsangiz?
— Ayni paytda, ikki davlat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlik masalasiga toʻxtaladigan boʻlsam, zamonaviy talab va imkoniyatlarga toʻlaqonli javob berolmaydi. Ishonamanki, yildan- yilga savdo aylanmasi hajmi oshib borayotgani va iqtisodiy oʻzaro taʼsir doirasi kengayib borayotganiga qaramay, hali ushbu sohada foydalanishimiz mumkin boʻlgan yuqori iqtisodiy salohiyatga egamiz.
Shu tariqa, soʻnggi yillarda oʻzaro savdo aylanmasi hajmi oʻsishi kutilayotgan aniq natijadir.
Shuningdek, 2016-yildan buyon oʻzaro savdo aylanmasi hajmi 5 barobarga oʻsib, 2020-yil yakuniga qadar 903 million dollardan yuqori koʻrsatkichga yetdi.
Shu bilan birga, Qirgʻiz Respublikasi rahbarining mamlakatimizga tashrifi chogʻida, “Yashnobod” texnoparki hududida oʻzbek-qirgʻiz biznes forumi va ikki davlat oʻrtasida ishbilarmonlik kengashining birinchi yigʻilishi oʻtkazilishi ham gʻoyatda ahamiyatlidir.
Ushbu biznes forumi davomida, tomonlar oʻrtasida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan, umumiy qiymati qariyb 130 million dollarlik qator investitsiyaviy va savdo shartnomalari imzolandi. Davlatlararo transport yoʻlaklarini rivojlantirish, jumladan «Oʻzbekiston-Qirgʻiziston-Xitoy» temir yoʻli, «Toshkent-Andijon-Oʻsh-Irkeshtam-Qashgʻar» multimodal yoʻlagini barpo etish orqali iqtisodiy hamkorlik aloqalari yana-da rivojlanadi degan fikrdaman.
— Barcha savollarga batafsil javob berayotganingizdan minnatdorman, shu qatorda madaniy-gumanitar hamkorlikning holati va istiqbollari toʻgʻrisida ham aytib oʻtsangiz?
— Bu borada siz mutlaqo haqsiz, bugungi kunda madaniy-gumanitar sohada xalqaro diplomatik munosabatlar turli davlatlar xalqlari oʻrtasida oʻzaro anglashuv muhitini mustahkamlashda muhim oʻrin egallaydi. Shu maqsadda, soʻnggi yillarda mamlakatlar oʻrtasida muntazam ravishda madaniyat kunlari, festivallar va koʻplab madaniy tadbirlar nishonlanib kelinmoqda. Shu oʻrinda, 2018-yil yurtimizda buyuk qirgʻiz adibi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yillik yubileyi keng miqyosda nishonlangani fikrimizning yorqin tasdigʻidir.
Shuni taʼkidlash joizki, Davlatlarimiz rahbarlari oʻrtasidagi muzokaralar davomida, tomonlar 2021-2023-yillarga moʻljallangan “Madaniyat va sanʼat sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi” Shartnomani amalga oshirish doirasida qoʻshma tadbirlar rejasini tasdiqladi. Shuningdek, taʼlim sohasidagi oʻzaro hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib bormoqda. 2017-2020-yillar oraligʻida Oʻzbekiston oliygohlarida tahsil olayotgan qirgʻiz yoshlarining safi 14 baravarga oshgan boʻlsa, Qirgʻiziston universitetlaridagi oʻzbek talaba yoshlari soni 7 baravarga kengayayotgani quvonarli holdir. Ayni paytda, ushbu soha doirasida hamkorlikni rivojlantirish uchun ulkan salohiyatga egamiz, shuningdek kelgusida universitetlararo aloqalarni mustahkamlash, ikki davlat taʼlim muassasalari oʻrtasida shartnomalar va memorandumlar imzolanishiga koʻmaklashish zarur.
Shu oʻrinda, Oʻzbekiston birinchilar qatorida, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda qoʻshni mamlakatga begʻaraz yordam qoʻlini choʻzdi. 2020-yil dekabrda ushbu tibbiy yordam hisobidan Bishkek, Batken va Chuy viloyatlarida infeksiya bilan zararlangan bemorlar uchun uchta modulli shifoxona barpo etildi. Bundan tashqari, ushbu maqsadda koʻplab tibbiyot jihozlari va tibbiy vositalar ham joʻnatildi.
Xulosa oʻrnida, oʻzaro manfaatli sohalardagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik anʼanalarini davom ettirgan holda, qirgʻiz-oʻzbek oʻzaro hamkorlik aloqalarini yana-da rivojlantirish tashqi siyosatimizning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sanaladi. Shuningdek, biz birdamlikdagi saʼy-harakatlar bilan oldimizga qoʻygan olijanob maqsadlarga erishishimizga ishonaman, hamda bu yoʻlda strategik sheriklikni yana-da rivojlantirish va mustahkamlash uchun munosib hissa qoʻshishimiz.
— Mazmunli suhbat uchun tashakkur va keyingi uchrashuvlarda kutib qolamiz.
Ramziddin Gʻulomov
Markaziy Osiyo xalqaro instituti
Yetakchi ilmiy xodim