O‘zbekiston Bosh vaziri Minskda o‘tkazilgan MDH Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi

28 mayda Minsk shahrida o‘tkazilgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Hukumat rahbari Matbuot xizmatiga ko‘ra, yig‘ilishni Belarus Bosh vaziri Roman Golovchenko boshqardi.
Delegatsiyalar rahbarlari Hamdo‘stlik doirasidagi iqtisodiy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashdi.
Hukumat rahbarlari kengashi majlisi yakunlari bo‘yicha jami 11 hujjat imzolandi.
- Yuqumli kasalliklar tarqalishiga qarshi chora-tadbirlar;
- MDH mamlakatlari hududlarini sanitariya muhofazasi va Hamdo‘stlik aholisini ish bilan taʼminlashga ko‘maklashish;
- Soxta savdo belgilari va geografik ko‘rsatkichlardan foydalanishning oldini olish, geodeziya, kartografiya, kadastr va yerni masofadan zondlash sohasidagi hamkorlikni tartibga solish;
- MDHga aʼzo davlatlarda davlat moddiy rezervlarini boshqaradigan davlat (ijro etuvchi) organlarining 2030 yilgacha bo‘lgan davrdagi hamkorligi konsepsiyasi va uni amalga oshirishning asosiy chora-tadbirlari rejasi;
- Qurolli kuchlar ofitserlarini tezkor-strategik tayyorlash sohasida asosiy tashkilot to‘g‘risidagi qaror shular jumlasidan.
Shuningdek, Majlisda MDH Ijroiya qo‘mitasi - ijrochi kotibiga o‘rinbosarlar tayinlash to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi. O‘zbekiston tomonidan Ilhom Neʼmatov ushbu lavozimga tasdiqlandi.
Ilhom Neʼmatov MDH Ijroiya qo‘mitasida iqtisodiy hamkorlik masalalarini muvofiqlashtiradi.
MDH Hukumat rahbarlari Kengashining navbatdagi yig‘ilishi joriy yilning noyabr oyida Bishkek shahri (Qirg‘iziston)da o‘tkazilishi belgilandi.