Belarusdan munosabat: O‘zbekistonda virtual va Xalq qabulxonalarining tashkil etilishi YEOII va MDHning barcha mamlakatlari uchun namuna bo‘la oladi

MINSK, 22 dekabr. /“Dunyo” AA/. Belarus kasb taʼlimi institutining umumiy va kasb pedagogikasi kafedrasi professori Arkadiy Shklyar “Dunyo” AA uchun intervyusida O‘zbekistonda yaratilgan xalq bilan muloqot tizimining samaradorligini eʼtirof etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
- O‘zbekiston bilan juda uzoq yillik do‘stlik aloqalarim mavjud. 1977 yilda «Mehnat zaxiralari» Olimpiadasida ishtirok etish uchun ilk bor Toshkentda bo‘lish nasib etgan edi. Keyinchalik professional faoliyatim davomida mamlakatga yana bir necha bor borish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Samarqanddagi Amir Temur maqbarasini ziyorat qilishni hech qachon unutmayman.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda keng ko‘lamli o‘zgarishlarni amalga oshirmoqda, iqtisodiyot va ijtimoiy sohani isloh qilmoqda, dunyoning barcha mamlakatlari, jumladan, Belarus bilan qardoshlik munosabatlarini yana-da rivojlantirmoqda va mustahkamlamoqda.
Taʼkidlash kerakki, O‘zbekistonda ustuvor yo‘nalish davlat apparatining samaradorligini oshirish bo‘yicha rivojlanish strategiyasi yaratilgan. «Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak» degan tamoyil faqat so‘zda emas, balki amalda hayotga tadbiq etilmoqda.
O‘zbekiston rahbariyati haqiqatan ham inson huquq va manfaatlarini taʼminlayotgani, odamlar bilan muloqot qilayotgani, xalqning hayotiy muammolari va ehtiyojlarini puxta o‘rganib, hal etayotganini kuzatib turibmiz. Virtual va Xalq qabulxonalari nafaqat davlat organlari faoliyatini tizimli o‘rganish, balki qonunni buzgan mansabdor shaxslarni lavozimdan chetlashtirishgacha intizomiy javobgarlikka tortish bo‘yicha takliflar kiritish vakolatiga ega.
Aytish kerakki, O‘zbekiston Prezidenti qabulxonalari davlat siyosatining maqsad va vazifalariga to‘la javob beradigan, ehtiyoj va talablar asosida muammolarni hal etishga umid va ishonch uyg‘otadigan aholi bilan bevosita aloqa o‘rnata oldi. O‘zbekistonda virtual va Xalq qabulxonalarining tashkil etilishi YEOII va MDHning barcha mamlakatlari uchun namuna bo‘la oladi.