Belarusning Gomel viloyati bilan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

MINSK, 15 dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi xodimlari “Gomelda biznes kunlari” xalqaro tadbiri doirasida Belarusning Gomel viloyatida bo‘lib, qator uchrashuvlar o‘tkazishdi.
Xususan, Gomel viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi, raisning birinchi o‘rinbosari Dmitriy Kozel bilan muzokaralarda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida hududlararo aloqalarni jadallashtirish masalasi muhokama qilindi.
Maʼlumot o‘rnida qayd etish joizki, Gomel viloyati O‘zbekistonning Navoiy, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari bilan savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy gumanitar sohalarda hamkorlik to‘g‘risida alohida bitimlar imzolagan. 2018-2019-yillarda mahalliy boshqaruv idoralari vakillarining bir qator o‘zaro safarlari amalga oshirilgan.
Xususan, Belarus tomoni O‘zbekistondagi hamkor hokimliklar va mahalliy tadbirkorlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va ularni birgalikda amalga oshirish, madaniy-gumanitar va turizm sohalarida istiqbolli hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga katta qiziqish mavjudligi va bu yo‘nalishlarda muzokaralar olib borishga tayyorligini maʼlum qildi.
O‘z navbatida, Belarus Savdo-sanoat palatasining (SSP) Gomel viloyati bo‘linmasi bosh direktori Marina Filonova ham O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hududiy bo‘linmalari bilan aloqalar o‘rnatilganligi va hamkorlikni yana-da kengaytirish imkoniyati mavjudiligini taʼkidladi.
Ikki mamlakat hududlarari va savdo-sanoat palatalarining joylardagi tuzilmalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik o‘rnatish uchun huquqiy poydevor yaratilganini inobatga olib, doimiy muloqotni nazarda tutuvchi ikki tomonlama natijador mexanizm ishlab chiqish, qo‘shma ishchi guruhlar tashkil qilib, ularning tarkibiga mahalliy hokimiyat, SSP vakillari hamda salohiyatli sherik bo‘lishi mumkin bo‘lgan tadbirkorlarni qo‘shish taklifi elchixona tomonidan ilgari surildi.
Bundan tashqari Gomel “Kristal” ishlab chiqarish birlashmasi OAJ, “Spartak” OAJ QK (qandolatchilik), “Gomelyoboi” OAJ (gulqog‘oz), “Multipak” XK (qadoqlash) va “Komintern” OAJ (to‘qimachilik) ishlab chiqarish maydonlari va savdo uylariga ham tanishuv safarlari amalaga oshirilib, istiqbolli yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
O‘tkazilgan muloqotlar chog‘ida Belarus kompaniyalari O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishdan manfaatdor ekanliklarini bildirishdi.
O‘zbekiston diplomatlarining Gomel viloyatiga amaliy safari mahalliy matbuotda keng yoritildi.