Minskda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaga o‘zbek xalqining qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan «Xalq xotirasi muqaddas» deb nomlangan ko‘rgazma ochildi

Belarus Ulug‘ vatan urushi tarixi davlat muzeyida Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaga o‘zbek xalqining qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan «Xalq xotirasi - muqaddas» deb nomlangan ko‘rgazma ochildi.
O‘zbekiston elchixonasi, «O‘zarxiv» agentligi va O‘zbekistondagi SHHT xalq diplomatiyasi markazining birgalikdagi loyihasi bo‘lgan ushbu ko‘rgazma 17 yanvardan 5 martga qadar davom etadi.
Kecha «Xalq xotirasi - muqaddas» ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda Belarus davlat idoralari, Minskdagi diplomatiya korpusi, jamoat tashkilotlari, akademik muassasalar vakillari va o‘zbekistonlik talabalar ishtirok etishdi.
Muzey direktori V. Voropayev ochilish marosimidagi nutqida Ikkinchi jahon urushning birinchi kunlaridanoq O‘zbekiston aholisi dushmanni mag‘lub etish uchun bor kuchlarini safarbar qilganini taʼkidladi. «Urushda qariyb 2 million O‘zbekiston aholisi qatnashdi, ularning 538 mingdan ortig‘i frontda qahramonlarcha halok bo‘ldi, 158 mingdan ziyodi bedarak yo‘qoldi. Ularning jasoratini qayd etish va kelajak avlodga yetkazish barchamizning muqaddas burchimiz. Bugungi ko‘rgazma ham qahramonlarimiz oldidagi majburiyatlarimizdir. Qariyb 130 ta fotoarxiv suratlardan iborat ko‘rgazma deyarli 2 oy davomida namoyish qilinadi. Belarus xalqi o‘zbek xalqiga jang maydonlarida va front ortidagi matonati hamda jasorati uchun chuqur minnatdorlik bildiradi», dedi u.
Tadbirda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Bosh kotibining birinchi o‘rinbosari L. Anfimov so‘zga chiqib urushda qatnashgan yurtdoshlarimizning qahramonliklarini eʼtirof etdi. Uning aytishicha so‘nggi tadqiqotlarga ko‘ra, O‘zbekiston vakillariga harbiy orden va medallar berish masalasiga ko‘p oydinlik kiritildi. Bugungi kunda 200 mingdan ortiq o‘zbekistonlik askar va ofitserlar mukofotlanganligi aniqlangan, shu jumladan, 301 o‘zbek o‘g‘loni Qahramon unvoniga sazovor bo‘lgan, 70 nafari barcha uch darajali Shon-sharaf ordenlari bilan taqdirlangan.
Belarus multiplikatori, rejisser, bastakor I. Volchek, o‘z navbatida, urushning og‘ir yillarida butun O‘zbekiston xalqi yagona maqsad sari tinimsiz mehnat qilganini bildirdi. «O‘zbekiston front taʼminotiga ulkan hissa qo‘shdi va katta miqdorda harbiy texnika, o‘q-dorilar, oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon va boshqa zarur mahsulotlar ishlab chiqardi va jang maydonlariga yetkazib berdi. Urush yillarida 1,5 million kishi, shu jumladan, 250 mingdan ziyod yosh bolalar O‘zbekistonga evakuatsiya qilindi. O‘zbek xalqi ularga boshpana berdi, mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsatdi, yuksak insonparvarlik asnosida oxirgi burda nonini ular bilan baham ko‘rdi. Biz belaruslar buni hech qachon unutmaymiz», dedi I. Volchek.