Belarus davlat informatika va radioelektronika universitetida Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi

MINSK, 17-fevral. /“Dunyo” AA/. Belarus davlat informatika va radioelektronika universitetida (BDIRU) buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi va davlat arbobi, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi munosabati bilan davra suhbati uyushtirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari xalqaro assotsiatsiyasi vakillari, BDIRUda tahsil olayotgan talabalar ishtirok etishdi.
BDIRU talabalar shaharchasi boshlig‘ining o‘rinbosari Oksana Churbanova o‘z nutqida o‘zbek xalqi ko‘p asrlik boy tarix, anʼanalar va madaniyatga ega ekanligini qayd etib, jahon ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimiz Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning avlodlarga qoldirgan merosi hozirgi kunda ham dolzarb ekanligini taʼkidladi. Ular o‘z asarlarida xalq farovonligi, mehr-muhabbat, taʼlim-tarbiya, ilm o‘rganishga bo‘lgan eʼtibor va boshqa insoniylik fazilatlarini keng targ‘ib qilganliklarini alohida qayd etdi.
So‘zga chiqqanlar insoniyat tarixida o‘chmas iz qoldirgan betakror siymolarimizning serqirra ijodi va hayoti, ular yozib qoldirgan bebaho asarlar haqida so‘zlab berishdi, sahna ko‘rinishlari va badiiy chiqishlarini davra suhbati ishtirokchilarining eʼtiboriga havola qilishdi.
Tadbirda, shuningdek mamlakatimizda so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan o‘zbek tilini o‘rganish, tilimizning xalqaro maydondagi obro‘sini yana-da oshirish, shuningdek, mamlakat miqyosida olib borilayotgan keng ko‘lami islohotlar haqidagi maʼlumotlar ham o‘rtoqlashildi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili adabiyoti va folklori instituti mutaxassislari tomonidan chop etilgan besh jildli «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» tadbir ishtirokchilariga taqdim etildi.