Belarus va O‘zbekiston: sheʼriyat vositasidagi do‘stlik

Mamlakatimiz elchixonasi tashabbusi bilan «Belarus va O‘zbekiston: sheʼriyat vositasidagi do‘stlik» mavzusidagi davra suhbati o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida diplomatik munosabatlari o‘rnatilganining 30 yilligini keng nishonlash doirasida uyushtirilgan ushbu tadbirda Belarus ijodiy hamjamiyatining vakillari, oliy taʼlim muassasalari professor-o‘qituvchilari va talabalar, shu jumladan, ushbu mamlakatda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar ishtirok etishdi.
Davra suhbati ikki mamlakat xalqlari adabiyotining buyuk namoyandalari - Alisher Navoiy va Zahriddin Muhammad Bobur hamda Yakub Kolas va Yanka Kupala ijodiga bag‘ishlandi.
Maʼruzachilar o‘z chiqishlarida o‘zbek va belarus xalqlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar asrlar osha barcha sinovlarga dosh berib, hozirgi bosqichda ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar uchun mustahkam asos yaratgani va bunda dunyoga dong taratgan ulug‘ siymolarimizning hissasi ulkanligini alohida taʼkidladilar.
Xususan, Belarus Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Yelena Stelmax ikki mamlakat adabiyotshunoslarining hamkorligi uzoq tarixga borib taqalishi va bu hamkorlik xalqlarimizning bir-biriga yana-da yaqinlashishiga xizmat qilayotganini qayd etdi.
«Taniqli o‘zbek adiblarining asarlari belarus tiliga hamda belarusning yetakchi shoirlari ijodi o‘zbek tiliga tarjima qilinayotgani buning yaqqol dalilidir, dedi Yelena Stelmax. Jumladan, Alisher Navoiyning belarus tiliga o‘girilgan «Mahbub ul-qulub», Erkin Vohidovning “O‘zbegim” qasidasi va boshqa o‘zbek adiblari ijodi belaruslik kitobxonlarning eʼtiborini qozonmoqda».
Belarus adabiyotining asoschilaridan biri, yozuvchi, shoir va jamoat arbobi Yakub Kolas xotira-yodgorlik muzeyi mutasaddisi, adibning chevarasi Vasilina Miskevich belarusning atoqli namoyandasi o‘z oilasi bilan 1941 yil iyun oyidan 1943 yilning noyabr oyiga qadar Toshkentda yashaganini va o‘zbek xalqi hamda uning hamkasblari uni do‘stona qarshilaganini qayd etdi.
«Yakub Kolas o‘zbek-belarus xalqlari o‘rtasidagi do‘stona va birodarlik munosabatlarining yana-da mustahkamlanishiga ulkan hissa qo‘shgan. Ayniqsa, uning O‘zbekiston haqida yozgan “O‘zbekiston”, “Chimyon”, “Solor” kabi sheʼrlarida ikki xalqning mustahkam do‘stligi ulug‘langani bunga yaqqol misoldir», dedi Vasilina Miskevich.
Davra suhbati davomida Alisher Navoiy va Zahriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi aks etgan videolavhalar namoyish etildi. Talabalar tomonidan buyuk ajdodlarimiz qalamiga mansub g‘azallardan parchalar o‘qildi va sahna ko‘rinishlari namoyish qilindi.
Tadbir yakunida O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan
o‘zbek-belarus hamkorligini mustahkamlashga qo‘shgan munosib hissalari uchun Belarus Yozuvchilar uyushmasi, Respublika yoshlar markazi va Oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari xalqaro uyushmasi rahbariyatiga mamlakatimiz diplomatiya missiyasi nomidan faxriy yorliqlar topshirildi.