"Vitebskdagi Slavyan bozori" 33-xalqaro san'at festivalida O'zbekiston vakillari ishtirok etdi

11-13-iyul kunlari Belarus Respublikasida "Vitebskdagi Slavyan bozori" 33-xalqaro san'at festivali bo'lib o'tayotganligi haqida xabar berilgan edi.
Festival doirasida Belarus Respublikasining Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo bo’lishi munosabati bilan ShHTga a’zo davlatlar milliy madaniyat kunlarini hamda ShHTga a’zo davlatlar madaniyat vazirlari va delegatsiyalari a'zolari, madaniyat muassasalari rahbarlari o'rtasida muzokaralar va uchrashuvlar bo'lib o'tdi. Unda, O'zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o'rinbosari Avazxon Tadjixanov ham ishtirok etdi va nutq so'zladi.
"Belarus Respublikasining ShHTga kirishini alohida ta’kidlamoqchiman. Biz belaruslik hamkasblarimizni samimiy qutlaymiz va ularning ishtiroki madaniy hamkorligimizga yangi nafas olib kirishiga ishonamiz. Shanxay Hamkorlik Tashkiloti nafaqat xalqaro tuzilma, balki unga a’zo davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga yordam beruvchi kuchli hamkorlik vositasidir. Mamlakatlarimiz madaniy an’analari va o‘ziga xosligi, xilma-xilligi o‘zaro anglashuv va ishonchni mustahkamlash uchun bebaho salohiyatga ega bo‘lib, bu o‘z navbatida xalqlarimizning barqaror rivojlanishi va farovonligiga xizmat qilmoqda"
- dedi, Avazxon Tadjixanov.
Festival doirasida ShHTga aʼzo mamlakatlar madaniyat vazirlari, rasmiy delegatsiyalar a'zolari, madaniyat muassasalari rahbarlari o'rtasida muzokaralar va uchrashuvlar, ShHTga a'zo mamlakatlar milliy madaniyati kunlarining rasmiy ochilishi hamda Belarus Respublikasining ShHTga to'laqonli aʼzo sifatida qo'shilishi munosabati bilan tadbir o'tkazildi.
Shuningdek, festival doirasida ShHTga a'zo mamlakatlar pavilonlari tashkil etilgan bo'lib, Avazxon Tadjixanov ushbu pavilonlarni ko'zdan kechirdi hamda taqdimot tadbirlari, ShHTga a'zo mamlakatlarning mahorat darslarida ishtirok etdi.
Eslatib o'tamiz, ushbu festival doirasida Toshkent shahar 1-sonli Bolalar musiqa va san'at maktabi o‘quvchisi Yasmina Husniddinovaga - Gran-prini Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko topshirdi.