Belarus davlat pedagogika universitetida O'zbek tili bayrami kuniga bag'ishlangan ma'rifiy tadbir o'tkazildi

MINSK, 27-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Belarus davlat pedagogika universiteti huzuridagi O'zbek madaniyati markazida 21-oktyabr – O'zbek tili bayrami kuniga bag'ishlangan tadbir tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
O'zbekiston Prezidentining 21-oktyabrni O'zbek tili bayrami kuni sifatida nishonlash haqidagi farmonga ko'ra, yurtimizda 2020-yildan boshlab butun mamlakat bo'ylab ona tili bayrami keng nishonlanib kelayotgani, o'zbek tili mavqeini mustahkamlash, uning fuqarolarimiz hayotidagi o'rnini kuchaytirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar ko'rilayotgani haqidagi ma'lumotlar ishtirokchilar e'tiboriga havola etildi.
Belarus vakillari o'z chiqishlarida, ikki mamlakat ijodkorlari va adabiyotshunos olimlari o'rtasidagi yo'lga qo'yilgan hamkorlik ikki xalqni yaqinlashtirish, ular orasida do'stlik va o'zaro hurmat rishtalarini mustahkamlashga xizmat qilayotganini ta'kidladilar.
"O'zbekiston va Belarus o'rtasida madaniy-gumanitar yo'nalishdagi hamkorlik samarali yo'lga qo'yilgan. Bu kabi ma'rifiy tadbirlar xalqlarimizni yaqinlashtirish, do'stlik va o'zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlashga katta hissa qo'shadi", – dedi V.Miskevich.
Tadbir davomida talabalar tomonidan o'zbek tilida she'rlar o'qildi, qo'shiq va raqslar ijro etildi.