Milliy mahsulot va brendlarni xorijda ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlari qoplab beriladi

O‘zbekistonlik tadbirkorlar uchun milliy mahsulot va brendlarni xorijiy davlatlarda huquqiy jihatdan himoya qilish imkoniyatlari kengaytirilmoqda.
Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan milliy mahsulotlar va brendlarni xorijiy vakolatli organlarda ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar 100 foizgacha qoplab beriladi.
Quyidagi xarajatlar qoplanishi mumkin:
-tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish, amal qilish muddatini uzaytirish, hududiy qamrovini kengaytirish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish to‘lovlari;
-huquqiy va maslahat xizmatlari;
-hujjatlarni tarjima qilish va rasmiylashtirish;
-tovar belgilari va brendlarga oid hujjatlar hamda namunalarni xorijiy vakolatli organlarga yetkazib berish bilan bog‘liq pochta va logistika xarajatlari.
Qoplash miqdori — xarajatlarning 100 foizigacha, biroq bir tadbirkorlik subyekti uchun bir kalendar yilida 20 ming AQSH dollaridan oshmagan miqdorda.
Ushbu imkoniyat tadbirkorlarga o‘z brendlarini xorijiy bozorlarda huquqiy jihatdan himoya qilish, eksport faoliyatidagi xarajatlarni kamaytirish va “Made in Uzbekistan” brendi ostidagi mahsulotlarni yangi bozorlarga olib chiqish uchun qo‘shimcha sharoit yaratadi.