«Raqamli O‘zbekiston -2030» strategiyasi Yevroosiyo raqamli forumida taqdim etildi

МИНСК, 1 iyun. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov Belarusga tashrifi doirasida bugun Uchinchi Yevroosiyo raqamli forumida ishtirok etdi va nutq so‘zladi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, vazir so‘zining avvalida bugungi kunda davlat siyosatining strategik maqsadi - bu O‘zbekistonni rivojlantirishning yangi bosqichiga, ya’ni raqamli hukumatga o‘tish va raqamli jamiyat, mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy taraqqiyotini ta’minlash, fuqarolarning turmush tarzini yaxshilash, insonlarning ehtiyojlari va erkin rivojlanishini qondirish uchun keng imkoniyatlar yaratish, qadriyatlarga asoslangan rivojlanish modelini amalga oshirish ekanini ta’kidladi.
Shu maqsadda «Raqamli O‘zbekiston -2030» strategiyasi qabul qilinib, uning asosiy yo‘nalishlaridan biri davlat va iqtisodiyotni boshqarishni raqamli o‘zgartirish, ularning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishdir.
Bugungi kundagi barcha o‘zgarishlar mamlakatda «Fuqarolar emas, hujjatlar harakat qiladi» tamoyili asosida ishlaydigan virtual hukumatning to‘laqonli modelini yaratish orqali davlat faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlashga qaratilgan.
«Elektron hukumat» tizimini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri davlat xizmatlarini onlayn shaklda o‘tkazishda fuqarolarga qulaylik yaratishga qaratilgan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalini (pm.gov.uz) rivojlantirishdir. Bugungi kunda YAIDXP tizimida 250 dan ortiq xizmat mavjud. Portalning mobil versiyasida 35 turdagi xizmat yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, kelgusida ularning soni yuztaga yetkaziladi.
Bugungi kunda Davlat statistika qo‘mitasi bilan hamkorlikda Ochiq ma’lumotlar portalining yangi turi ishlab chiqilib, portalga 149 ta davlat idorasi tomonidan 11 mingdan ortiq ma’lumot bazalari joylashtirildi va ularning murojaatlari soni 7,6 milliondan oshdi.
Qarorlarni qabul qilish jarayonida fuqarolarning ishtirokini ta’minlash maqsadida O‘zbekistonda qonun hujjatlari ta’sirini baholash tizimi muvaffaqiyatli ishlamoqda, unda bir vaqtning o‘zida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini jamoat muhokamasidan o‘tkazish va idoralararo muvofiqlashtirishni amalga oshirish mumkin (regulation.gov.uz, project.gov.uz).
Prezident tashabbusi bilan fuqarolarning jamoat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish, davlat hokimiyati vakillik organlarining shaffofligini, qabul qilingan qonunlarning hayotiyligi va samaradorligini ta’minlash, foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida «Mening fikrim» mobil portal ilovasi yaratildi va ishga tushirildi. Bugungi kunga qadar u orqali 5 mingga yaqin jamoaviy murojaat kelib tushgan.
Endilikda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari onlayn shaklda murojaat qilishi mumkin bo‘lgan O‘zbekiston Prezidentining Virtual qabulxonasi (pm.gov.uz) mavjud. 2017 yildan beri fuqarolar va tadbirkorlik subektlaridan Virtual qabulxona orqali qabul qilingan 5 milliondan ortiq elektron murojaat ijobiy hal qilindi.
Tadbirkorlar bilan ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqani ta’minlash, ularning qonunchilik talablarini samarali amalga oshirish va muammoli masalalarni hal qilish maqsadida O‘zbekiston Bosh vazirining yagona “business.gov.uz” interaktiv portali ishga tushirildi.
Shahar infratuzilmasi holati, kommunal xizmatlarning sifati va aholini qiziqtirgan boshqa masalalar ustidan jamoatchilik nazoratini tashkil etish uchun «Xalq nazorati» portali va mobil ilovasi ishga tushirildi. U yordamida aholi o‘zlarining muammolari yuzasidan shikoyat yuborishlari mumkin.
Shu bilan birga «Raqamli O‘zbekiston-2030» strategiyasiga ko‘ra joriy yil oxirigacha tijorat banklarning raqamli transformatsiyasini yakunlanishi rejalashtirilgan bo‘lib, va shu talqinida ular tomonidan turli kredit mahsulotlarini taqdim etish, masofaviy ravishda omonat va hisob raqamlarni ochishdan iborat onlayn xizmatlarni ko‘rsatilishi nazarda tutilgan. Ta’kidlash kerakki, hozirgi kunda onlayn banking xizmatlarining foydalanuvchilari soni 15 millionga yaqinlashib, ularning aksariyati jismoniy shaxslarga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekiston hukumati AKT sohasida innovatsion startap-loyihalarni qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy mexanizmlarini ishlab chiqish, shu jumladan texnoparklarni yaratish, venchur kapital bozorini rivojlantirish, biznes akseleratorlari va inkubatorlarini tashkil etishga katta e’tibor qaratmoqda.
Shu maqsadda rezidentlar uchun Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalarining Texnologik parki (IT Park) tashkil etilib, uning rezidentlariga soliq va bojxona imtiyozlari berildi. Ayni paytda respublika bo‘yicha IT Parkning yettita filiali ochilgan va 2022 yil oxiriga qadar ular mamlakatning barcha hududlarida tashkil etiladi.
Hozirgi kunda IT Park rezidentlari 484 ta axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan kompaniyalar bo‘lib, 60 ta eksportga yo‘naltirilgan va 14 ta kompaniya xorijiy kapital ishtirokida tashkil etilgan. Belarusning “EPAM Systems”, “SoftClub”, “Eksadel” kabi qator IT -kompaniyalari IT Park rezidentlari hisoblanadi.
Yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston rahbari tomonidan tasdiqlangan «Besh tashabbus» loyihasi doirasida butun mamlakat bo‘ylab Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil etilmoqda. Bugungi kunda respublikada 130 dan ortiq ana shunday o‘quv markazi faoliyat yuritmoqda.
Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda tegishli IT mutaxassisliklari bo‘yicha aholi va yoshlarning masofaviy ta’limiga qaratilgan «One Million Uzbek Coders» megaloyihasi amalga oshirilmoqda. Hozirgi kunda 380 mingdan ziyod talaba megaloyihada o‘qitildi. Bugunga qadar 150 mingdan ortiq talaba o‘qishni muvaffaqiyatli yakunlab, sertifikatlarni qo‘lga kiritgan.
Respublika bo‘ylab yosh tadbirkorlarni va startap-loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish maqsadida oliy o‘quv yurtlarida IT -inkubatsiya markazlari tashkil etilmoqda. Hozirda 12 ta shunday markaz ochilgan bo‘lib, joriy yil oxiriga qadar ularning sonini 20 taga yetkazish rejalashtirilgan.
- Oldimizda turgan maqsadlar «raqamli» kun tartibida belgilangan ustuvor vazifalarni bajarish uchun uzviy hamkorlik qilishni, shu jumladan o‘zaro muloqotni kengaytirish va eng ilg‘or jahon tajribasidan kelib chiqib yagona standart va yondashuvlarni ishlab chiqishni talab etadi, - dedi AKT vaziri Sh.Sodiqov.- Mazkur forum o‘zaro mulohaza olib borish, fikr almashish va raqamli rivojlantirishga yo‘naltirilgan dasturlarga kerakli dolzarb o‘zgartirishlar kiritish uchun zamin yaratadi.